23 avgust kuni O‘zbekiston Senati yalpi majlisga yig‘ilmoqda.

Muhokamaga qo‘yilgan masalalar orasida 2019 yilgi "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili" dasturi ijrosi ham bor.

O‘zbekistonda Harakatlar Strategiyasi qabul qilingan 2017 yildan boshlab davlat dasturiga kiritilgan vazifalar ortga surilayotgani, chala bajarilayotgani yoxud butkul kun tartibidan tushib qolayotgani kuzatilmoqda.

Bu ketishda 2021 yilga borib strategiyaning necha foizi bajarilishiga erishiladi?

Ayrim xorijiy ekspertlar bashorat qilayotganidek islohotlardan odamlarning hafsalalari pir bo‘lib qolmaydimi?

2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar Strategiyasida 2018 yil "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash" yili deb e’lon qilingan, o‘tgan yilga bag‘ishlangan davlat dasturiga kiritilgan ishlarning ayrimlari qog‘ozda qolib ketgan edi.

Ўзбекистон Ҳаракатлар стратегияси ижросиFoto mualliflik huquqiSTRATEGY.UZ

"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi tadqiqotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida 2019 yilgi davlat dasturiga kiritilgan 274 vazifadan 93 tasi to‘liq ijro etilgan.

108 vazifaning yo muddati uzaytirilgan yoki hali bajarish muddati kelmagan.

73 vazifa bajarilmagan.

20 ta vazifaning Prezident Mirziyoyev imzolab kuchga kirgan davlat dasturida ko‘zda tutilgan muddatida bajarilmagan.

1 avgust kuni parlament quyi palatasi deputatlari O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimovdan 2019 yilgi davlat dasturi ijrosi nega ko‘ngildagidek emasligi sabablarini so‘radilar.

Bosh vazir o‘rinbosariga ko‘ra, davlat dasturiga kiritilgan jami 50 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan ikki qonun, 2 ta Oliy Majlis palatalarining qarori, Prezidentning 8 farmoni va 19 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 19 ta qaror va farmoyishlari qabul qilingan.

Aziz Abduhakimov hisobotiga ko‘ra, 2019 yilning birinchi yarim yilligida 139 ta topshiriq belgilangan bo‘lib, 106 band ijrosi to‘liq bajarilgan. Jumladan, yilning ikkinchi choragida Davlat dasturining 77 ta bandi ijrosi ta’minlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, hisobot davrida 55 ta bandning (71 foiz) ijrosi to‘liq bajarilgan.

Birinchi yarim yillikda yakuniga yetkazilmagan 23 ta band ijrosi bo‘yicha ishlar turli bosqichlarda amalga oshirilmoqda va 10 ta bandning ijro muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan, deya hisobot berdi Vazirlar Mahkamasi.

23 avgustdagi Senat yalpi majlisida O‘zbekiston hukumatining yil ikkinchi choragidagi davlat dasturi ijrosi haqidagi hisobotini tinglash kun tartibiga kiritilgan.

Harakatlar Strategiyasinining 2019 yilgi davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgan bir necha qonun loyihasini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Bular "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi, "Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi, "Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida"gi, "Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ekani haqida xabar tarqatdi Senat matbuot xizmati.

Shuningdek, Senatning O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri, Tashqi ishlar vaziri, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimining axborotlarini tinglashi kutilmoqda.