O‘zbekiston Shinjondagi "de-radikallashtirish" siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Xitoyga 2 kunlik tashrif chog‘ida aytgan, deb xabar beradi China Daily nashri.

19 avgustda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashgan Abdulaziz Komilov ta’kidlashicha, O‘zbekiston "yagona Xitoy" siyosatiga (unga ko‘ra Tayvan mamlakatning muxtor mintaqasi sifatida ko‘rilmaydi – tah.) sodiq bo‘lgan holda, Xitoyning muhim manfaatlari masalasida doimo Xitoy tarafida turadi. O‘zbekiston vaziri shuningdek hech qanday davlat Xitoyning ichki ishlariga aralashishiga haqqi yo‘qligini ham urg‘ulagan.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I uchrashuvda tomonlarning o‘zaro ishonchli, "Kamar va yo‘l" loyihasida samarali hamkorlik munosabatlarini qayd etgan. Uning fikricha, O‘zbekiston o‘zining taraqqiyot dasturlarini "Kamar va yo‘l" bilan kengroq bog‘lashi, tomonlar savdo va investitsiya masalalarida hamkorlikni kengaytirishi, odamlararo almashinuvlarni ko‘paytirishi va aksil-terror hamkorlikni chuqurlashtirishi kerak.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining ta’kidlashicha, O‘zbekiston ikki davlat iqtisodiyotlarini tutashtirishda va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini ilgari surishda hamda Xitoy bilan strategik sheriklikni kengaytirishda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor.

Avvalroq 50 davlatning BMT Jeneva qarorgohidagi elchilari (O‘zbekistonniki ham) Xitoyning Shinjondagi uyg‘urlarga muomalasini qo‘llab-quvvatlab BMTga murojaatnoma imzolagan. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligi xabar bergan.

Lekin O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi bu xabarlarga izoh bermagan edi. Vazirlik matbuot xizmati bu bo‘yicha hech qanday ma’lumot yo‘qligini ma’lum qilgan.

Birlashgan millatlar ekspertlari va inson haqlari guruhlariga ko‘ra, bir milliondan ortiq uyg‘ur va boshqa musulmonlar mahbuslarga mo‘ljallangan jamloqlarda ushlab turilibdi.

Xitoy uyg‘urlarni terrorizmga qarshi kurash markazlarida qayta tarbiyalayotganini aytib keladi.

Komilovning Xitoyga tashrifi doirasida O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasining yangi binosi ochilishi marosimida ishtirok etishi ham rejalashtirilgan.