Manzil koloniyada jazoni o‘tayotgan Tohirjon Komilovdan uni kaltaklagan CERAMICA PLUS zavodi ijrochi direktori Mirkomil Fayziyev (IIB sobiq "operi") uzr so‘radi. Bu haqda Sof.uz sayti 19 avgustda xabar qildi.

Nashrning aytishicha, koloniyaga Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasidan (JIEBB) komissiya kelib mahkumlarga qilinayotgan muomala xususida mahkumlar bilan suhbat o‘tkazdi. Hodisa yuzasidan ochiq guvohlik so‘raldi. Shuningdek, Komilovning o‘zi mahkumlar orasidan ajratib olindi va yakka suhbat o‘tkazildi. Ayni paytda Sof.uz 17 avgust kungi hodisa ortidan manzil-koloniyaga kelgan komissiya bilan mahkumlar o‘rtasidagi suhbatning mazmuni noma’lumligini ham aytib o‘tgan. Lekin suhbat natijasida Komilov boshqalar bilan urushib zarb yegani va Fayziyevga da’vo qilmasligi to‘g‘risida tushuntirish xati yozib bergani, voqeaga guvoh mahkumlardan ham bir ish chiqmagani to‘g‘risida xabar qildi.

Saytning 17 avgust kuni xabar qilishicha, Olmazor tumanidagi CERAMICA PLUS zavodida 43- va 48-manzil koloniya mahkumlari shartnoma asosida ishlatiladi.

Zavod ta’sischisi Horun Fayziyevning jiyani Mirkomil Fayziyev korxonaning ijrochi direktori hisoblanadi.

Yunusobod tuman IIB sobiq tezkor xodimi Mirkomil Fayziyev mahkumlarga nisbatan qattiqqo‘lligi bilan tanilgan.

U 2019 yilning 17 avgust kuni o‘z ishchilari bo‘lmish 48-manzil muassasa mahkumlarini CERAMICA PLUS hududidan qonunga xilof ravishda olib chiqib, o‘ziga tegishli otxonaga olib borib ishlatgan.

Otxonada Mirkomil Fayziyevning ukasi Mirolim Fayziyev mahkumlarga qullarga qilgandek muomala qilgan.

Uning tahqirlovchi muomalasiga chiday olmagan mahkum Tohirjon Komilov e’tiroz bildirgan.

Bu e’tirozga nisbatan Mirolim Fayziyev Tohirjon Komilovni urgan. Tohirjon o‘zini himoya qilgan va buni ko‘rgan Mirkomilboy yugurib kelib, Tohirjonning yuziga rezina quvur - shlang bilan urib yiqitgan va aka-uka mahkumni yerga dumalatib ayovsiz tepkilagan.

Bu voqeaga o‘nlab mahkumlar bevosita guvoh bo‘lgan va deyarli hech kim Tohirjonga yordam berishga jur’at qilmagan. U yerda manzil-muassasa xodimi bo‘lmagan va mahkum himoyasiz qolgan.

Saytning 19 avgustda xabar qilishicha, 17 avgust kuni Komilovni urish uchun Mirolim Fayziyev armatura ko‘tarib kelgan, biroq mahkumlarning biri uni to‘xtatishga jur’at topgan. E’tiborlisi shuki, JIEBB xodimlari Mirkomil Fayziyevning qilmishlarini anglagan va Komilov da’vo qilsa, uni jazolashlari mumkinligini bayon qilgan, biroq Komilov “erkakcha ish tutib, birovning ustidan yozib bermagan”.

Tohirjon Komilov 1991 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan va 2016 yil O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159- va 244-moddalari bilan ayblanib 6 yilga qamalgan.

Hodisani o‘rgangan VVS saytining Tohirjonning yaqinlariga tayanib yozishicha, uni 2016 yili ishlab turgan do‘konidan maxsus kuchlar o‘g‘irlab ketgan. Uning daragi bir necha oy chiqmagan. Yaqinlari Tohirjonga nisbatan ayblar qiynoqlar va tahdidlar yordami bilan qo‘yilganini ta’kidlashmoqda. Mahkama Tohirjon Komilovning qiynoqqa tutildim, degan gaplarini e’tiborsiz qoldirgan.

Sof.uz Komilovning yaqinlari bilan bog‘langanini, ular VVS yozgan ma’lumotni tasdiqlaganini, Tohirjonning oddiy namozxon bo‘lganligini, hech qanday taqiqdagi guruhlarga aloqasi bo‘lmaganligini aytganini yozdi.