O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z saytida muftiy Usmonxon Alimov ishdan olingani haqida tarqalgan xabarlarga raddiya berdi. Raddiyada qayd etilishicha, Usmonxon Alimov idora raisi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

“10-sentyabr kuni ayrim internet-nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov lavozimidan ozod etildi, degan mazmundagi asossiz va soxta xabarlar tarqatildi. Ta’kidlash lozimki, Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlamoqdalar — faoliyatlarini davom ettirmoqdalar. Muftiy hazratlariga uzoq yillar mo‘min-musulmonlarimiz xizmatida bardavom bo‘lishlarini Alloh taboraka va taolodan so‘raymiz», — deyiladi rasmiy xabarda.

10-sentyabr kuni “Azon.uz” sayti muftiyning ishdan olingani haqida xabar bergan, bu xabar Minbarda ham e’lon qilingan edi. Tasdiqlanmagan xabarni tarqatgani uchun “Azon.uz” bosh muharriri vazifasidan ozod qilingan.

1950 yili tug‘ilgan Usmonxon Alimov 2006-yil avgustdan diniy idora raisi, muftiy sifatida ishlab kelmoqda. U bir necha yildan beri jahonning eng qudratli musulmonlari ro‘yxatidan joy olib kelayotgan deyarli yagona O‘zbekiston vakili sanaladi.