O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan. Bu haqda «Azon.uz» o‘z manbasiga asoslanib xabar berdi.

«Muftiy Usmonxon Alimov, bugun O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasida Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, uning viloyat vakilliklari xodimlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati ishtirokida o‘tkazilayotgan majlisda ishdan olingan» deyiladi xabarda.

Shuningdek, manbalarning xabar berishicha, hozirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi lavozimida ishlab turgan Xayrulloh domla Turmatov muftiy etib tayinlangan. Xayrulloh Turmatov Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga safari davomida uning nazariga tushib qolgach, TVda tez-tez ko‘rinish berayotgan, ko‘pchilik o‘sha vaqtdayoq uning ko‘tarilishini taxmin qilgan edi.

O‘zi umuman keyingi paytda diniy sohada bir qator rokirovkalar amalga oshirildi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati deyarli to‘liq tarkibda almashtirildi. Tizimga Davlat xavfsizlik xizmati va XQQdan chiqqan kadrlar olib kelindi.

Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Qarorda sohada yangi tizim joriy etilishi ma’lum qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi soqol va hijob mavzusi atrofidagi noroziliklar, "Vaqf" fondi rahbari tushirgan "qovun" ortidan o‘zgarish to‘lqini Musulmonlar idorasiga ham yetib kelishi kutilgan edi. Shunday bo‘lib chiqdi ham. Musulmonlar idorasiga 13 yil raislik qilgan Usmonxon Alimov ishdan olinishi ortidan tashkilot faoliyatida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini hozircha taxmin qilish mushkul. Diniy qo‘mita va Musulmonlar idorasi yangi rahbariyatining ilk qadamlari O‘zbekistonda diniy sohadagi yangicha siyosat qaysi o‘zandan yurishini ko‘rsatib bersa ajabmas.