O‘zbekistonda kuniga uchdan ziyod odam o‘zini o‘ldiradi. Ayollarga qaraganda erkaklar ko‘proq o‘z joniga qasd qiladi. Ma’lum bo‘lishicha, bundan Mirziyoyev ham xabardor. Prezident bu muammoga jiddiy e’tibor berish, uning oldini olish choralari bo‘yicha topshiriqlar ham bergan. Bu haqda yaqinda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining yangi raisasi ma’lum qilgan.

Eng so‘nggi ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha esa, dunyoda har 40 soniyada bitta odam xudkushlikka qo‘l urarkan. Bu yiliga bir million kishi, deganidir.

10-sentyabr Jahon o‘z joniga qasd qilish hollarining oldini olish kuni.

So‘nggi raqamlar Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining ayni sana munosabati bilan e’lon qilgan yangi hisobotida keltirilgan.

Davlatlar xaritasi bilan ilova qilinayotgan link orqali tanishishingiz mumkin.

Duyoning eng ko‘p xudkushlik hollari qayd etilayotgan davlatlar o‘nligiga esa, bir emas, to‘rt sobiq Sho‘ro Respublikasi kirgan.

Rossiya yuqori uchlikdan joy olgan bo‘lsa, Litva to‘rtinchi, Qozog‘iston oltinchi va Belarus sakkizinchi o‘rinni egallagan.

Qozog‘iston bu ro‘yxatda yuqori o‘nlikka kirgan yagona Markaziy Osiyo davlati bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘istonda har 100 ming kishiga 40.1 ta o‘z joniga qasd qilish holati to‘g‘ri keladi.

Agar, Elmira Bositxonova keltirgan ma’lumotlarga ishonilsa, O‘zbekistonda bu raqam 5.2 kishini tashkil etadi.

O‘zbekistonda har yili 700 dan ortiq erkak va 600 ga yaqin ayol o‘zini o‘ldiradi.

Sabablar, omillar...

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi iyul oyida qilgan chiqishida hozir o‘z joniga qasd qilish dunyo miqyosida jamiyatning global muammosiga aylanib qolganini aytgan.

Litva (har 100 ming kishiga - 68,1 ta), Belarus (har 100 ming kishiga - 63 ta), Rossiya (har 100 ming kishiga - 58 ta), AQSh (har 100 ming kishiga - 52 ta), Shri Lanka (har 100 ming kishiga - 44 ta) va Ukraina (har 100 ming kishiga - 40 ta) ga oid raqamlarni birma-bir tilga olib o‘tgan.

O‘zbekiston bo‘yicha ma’lumotlarga to‘xtalarkan, shu ko‘rsatkich (har 100 ming kishiga - 5.2 ta) ham biz uchun ko‘p, degan.

Bu muammoga jiddiy e’tibor berish, uning oldini olish choralari bo‘yicha shaxsan mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘zi topshiriqlar berayotganini qo‘shimcha qilgan.

Ammo bu topshiriqlar aynan qay bir idoralarga berilayotgani va ularning aynan nimalardan iborat ekani tafsilotlarini ochiqlamagan.

Bu haqdagi rasmiy xabarlarda bu ma’lumotlar ko‘zga tashlanmagan.

Uning chiqishidan O‘zbekistonda hozir ayollar(42,7 foiz)ga qaraganda erkaklar(57,3 foiz) o‘zini ko‘proq o‘ldirishi ma’lum bo‘lgan.

Ammo Elmira Bositxonova o‘zbekistonliklarni bugun aynan nimalar o‘z joniga qasd qilishga undayotgani sabab va omillariga to‘xtalmagan.

Qo‘mita raisasi mazkur holatlarni globallashuv davri bilan izohlagan.

Globalizatsiyaning ayanchli ta’sirlari O‘zbekistonga yetib kelishi mumkinligidan xavotir tuyishini bildirgan.

O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar

Foto: GETTY IMAGES

Mintaqada aholisi eng katta sonda (33 milliondan ortiq - tahr.) bo‘lgan O‘zbekistonda kambag‘allik va ishsizlik hanuz anchayin dolzarb turgan muammolardan biri bo‘ladi.

Iqtisodi asosan qishloq xo‘jaligiga tayangan mamlakat aholisining aksariyati chekka qishloq hududlarida istiqomat qiladi.

Xuddi shu manzarada O‘zbekistonda fermerlikda band fuqarolarning o‘z jonlariga qasd qilishganiga oid xabarlarning soni ham ortgani kuzatiladi.

Eng katta (millionlab) sondagi fuqarolarining chetda mehnat muhojirligida band ekani bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasidan peshqadami sanaladi.

Ustiga ustak, xotin-qizlarga qarshi maishiy zo‘ravonlik hollari ham, yillarki, faollarning jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lib keladi.

Ayniqsa, bu borada xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasi masalasiga eng ko‘p diqqat qaratiladi.

Bundan tashqari, xuddi shu kabi omillar manzarasida Markaziy Osiyo davlatlarining barchasida birdek malakali psixolog xizmatining deyarli yo‘qligi ham kuzatiladi.

Hatto, shunda ham, o‘z joniga qasd qilish hollari bo‘yicha Markaziy Osiyoda eng yuqori o‘rinlarni Qozog‘iston (har 100 ming kishiga - 40,1 ta), Qirg‘iziston (har 100 ming kishiga - 14.8 ta) va Turkmaniston (har 100 ming kishiga - 11 ta) qayd etishgan.

O‘zbekiston yuqori to‘rtlikni yopgan bo‘lsa, mintaqa davlatlari orasidan eng kam xudkushlik hollari Tojikiston (har 100 ming kishiga - 5,0 ta) hisobiga to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘lgan.

Qirq yildirki urushlar girdobida bo‘lgan Afg‘onistonda esa, bu raqamlar har 100 ming kishiga 10.6 tani tashkil etgan.

O‘z joniga qasd qilish hollari dunyoning barcha yirik dinlarida keskin qoralanadi, mumkin bo‘lmagan, izn berilmaydigan ish sifatida ko‘riladi.

So‘nggi ma’lumotlarda jahonning aksariyat islomiy yoki ko‘pchilik aholisi musulmon bo‘lgan boshqa davlatlarida xudkushlik hollarining anchayin kam ekani kuzatiladi.

Deylik, Saudiya Arabistonida o‘z joniga qasd qilish hollari har 100 ming kishiga 4.6, Pokistonda esa, hatto har 100 ming kishiga 3.0 taga to‘g‘ri kelishi ko‘riladi.

O‘zbekiston ilova barcha Markaziy Osiyo davlatlari esa, dunyoning aksariyat aholisi musulmon mamlakatlari sanalishadi.