Toshkent shahrida faoliyat boshlagan Prezident maktabiga eng ko‘p o‘quvchi Sergelidagi maktablardan qabul qilingan. Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.

“Prezident maktablariga o‘quvchilarni saralashda davlatimiz rahbari tomonidan tanlovni adolatli o‘tkazish eng muhim vazifalardan biri deb belgilab berilgan edi.

Toshkent shahridagi Prezident maktabiga eng ko‘p o‘quvchisi qabul qilingan maktablarning birinchi 6 tasidan 3 tasi Sergeli tumanidan ekanligi ham ushbu tanlov adolatli o‘tganligini ko‘rsatadi.

Qolgan maktablardan 3 nafar va undan kam o‘quvchilar qabul qilingan”.

Foto: Facebook / Sherzod Shermatov

Vazir Prezident maktablariga o‘quvchilari eng ko‘p qabul qilingan maktablar rahbariyatiga va o‘qituvchilariga minnatdorchilik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident maktablariga kirish imtihonlari natijalarini tekshirish va talabgorlarning javoblari natijalarini baholash Cambridge Assessment International Education tomonidan adolatli va shaffof tarzda o‘tkazildi. Ikki bosqichda o‘tgan imtihon jarayonini mustaqil kuzatuvchilar, ota-onalardan vakillar, OAV xodimlari va blogerlar kuzatib borishdi. Natijalar anonim tarzda e’lon qilindi, nomzodning shaxsiy ma’lumotlari ko‘rsatilmadi.

Prezident farmoniga ko‘ra, 2019–2021-yillar davomida respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich Prezident maktablari tashkil etiladi. Joriy o‘quv yilida Nukus, Namangan, Xiva hamda Toshkent shaharlarida Prezident maktablari faoliyat boshladi. Qolgan hududlarda esa 2020 va 2021 yillarda har yili beshtadan Prezident maktabi qurib foydalanishga topshiriladi.

Har bir hududdagi maktabga 144 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi. Har bir yosh toifasifa ikkitadan sinf tashkil yetiladi, bitta sinfda 12 nafar bola o‘qiydi. Ta’lim bepul, o‘quvchilar bepul oziq-ovqat, maktab formasi va yashash joyi bilan ta’minlanadi.

Prezident maktablarida darslar xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja va “STEAM” dasturi asosida ingliz tilida olib boriladi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim metodologiyalari asosida chuqur o‘rgatiladi.

Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi dastur diplomiga (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) ega bo‘ladi. Bu esa xorijiy oliy o‘quv yurtlariga ham kirish imkonini beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-sentyabr kuni imzolangan maxsus farmon va qaror bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etildi va Prezident maktablari XTVdan yangi agentlikning idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkazildi.