Toshkentdagi maktablarni zamon talablariga moslaydigan Vazirlar mahkamasining qarori qabul qilindi.

Nega aynan Toshkent: Qaror muallifi bo‘lmish Xalq ta’limi vazirligining matbuot xizmatining aytishicha, Toshkent shahrining o‘ziga xos xususiyatlari, shahar aholisining va zamonaviy shaharsozlikka qo‘yilayotgan talablarning yildan-yilga o‘sib borayotganligi inobatga olingan.

Masalan, 2018-2019 o‘quv yilida Toshkent shahrining 309 004 nafar o‘quvchi o‘rniga ega 303 ta maktabda 400 minglan ko‘p o‘quvchi tahsil olgan.

2019-2020 o‘quv yili uchun maktablarning 1-sinflariga keladigan o‘quvchilar hisobiga Toshkent maktablarida ta’lim olishi kutilayotgan o‘quvchilar soni 450 ming nafarga yetadi. Natijada maktablarda qo‘shimcha 140 ming o‘quvchi o‘rniga ehtiyoj yuzaga keladi.

Hozirgi kunga kelib, Toshkentdagi 266 ta maktabda navbatlilik darajasi normal, qolgan 37 tasida esa joylashuv o‘rnining nomutanosibligi natijasida navbatlilik darajasi 2 dan yuqori.

Shuning uchun, Toshkent shahridagi maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, maktablardagi o‘quvchilar sonini belgilangan me’yorlarga moslashtirish maqsadida:

800 mlrd so‘mga maktab qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan

  • Toshkent shahrida 12 ta yangi mahalla uchun yangi maktablar quriladi.
  • 50 ta maktab rekonstruksiya qilinadi, 98 ta maktab mukammal ta’mirlanadi va jihozlanadi.
  • Bunga davlat byudjetidan 2019 yil qo‘shimcha 400 mlrd so‘m va 2020 yilda ham 400 mlrd so‘m ajratiladi.

Tarmoq maktablari yaratiladi

2019/2020-o‘quv yilidan boshlab Toshkentdagi o‘quvchilar soni quvvatiga nisbatan kam bo‘lgan maktablar o‘quvchilar soni quvvatiga nisbatan ortiq maktablarga tarmoq maktab sifatida biriktiriladi.

Toshkent shahridagi beshta litsey va kollej bino va inshootlari, yeri, jihoz va uskunalari bilan xalq ta’limi tizimi tasarrufiga beriladi.

Bu binolar ikki va undan ko‘p smenasi mavjud maktablarga biriktiriladi yoki zarur hollarda ularda yangi maktab ochiladi.

Avval maktab bo‘lib, boshqa maqsadda foydalanilayotgan binolar XTVga qaytariladi. Bu binolar 2020 yil 1 sentyabrgacha bo‘shatilib, ularda maktablar qayta ochiladi.

O‘qituvchilar malakasi oshiriladi, moliyaviya rag‘batlantiriladi

  • O‘qituvchilar uchun treninglar, kurslar, seminar, mahorat darslari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
  • Toshkent maktablarida ishlayotgan 600 dan ortiq o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar istisno tariqasida Toshkent davlat pedagogika universitetining sirtqi bo‘limida alohida qabul kvotalarini ajratgan holda o‘qitilishi tashkil etiladi.
  • 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab Toshkentdagi maktablarda ta’lim sifatini oshirishga hissa qo‘shgan o‘qituvchilar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablar PISA kabi xalqaro tadqiqotlar uchun tajriba-tayanch maktablari bo‘ladi

XTV tasarrufidagi respublika ixtisoslashtirilgan maktablari PIRLS, TIMSS, PISA, TALIS kabi xalqaro tadqiqot dasturlari uchun tajriba-tayanch maktablariga aylantiriladi.

DXSh va xususiy maktablar ko‘paytiriladi

Davlat-xususiy sheriklikda ochilgan va xususiy maktablarni yanada ko‘paytirish maqsadida 2020 yildan boshlab 4 yil muddatga tajriba tariqasida ta’mirtalab maktablar xususiy sektor boshqaruviga beriladi.

Mustaqil o‘quv dasturiga ega xalqaro maktablar ochiladi

Toshkentda jahon standartlari asosida ta’lim beruvchi xalqaro maktablar ochish rejalashtirilgan:

  • 2020 – 2025-yillarda Toshkent shahrida jahon standartlari asosida umumiy o‘rta ta’lim beruvchi xalqaro maktablarni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Toshkentdan ularga 2020 yil 1 yanvarga qadar 10 gektar yer ajratiladi.
  • Xalqaro maktablarga uni tashkil etuvchi davlatlarning o‘quv dasturlari asosida ta’lim berilishiga ruxsat etiladi. Bu maktablarda faqat milliy qadriyatlarga bog‘liq fanlar (davlat tili, tarix, madaniyat va boshqalar) ham qo‘shimcha o‘qitilishi kerak bo‘ladi.

Beshta tashabbus

Beshta tashabbus doirasida 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab:

  • Toshkent shahridagi barcha teatrlarda har oyda bir kun maktab o‘qituvchilari uchun bepul spektakllar namoyishi, shuningdek, taniqli aktyor va san’atkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
  • Maktablarda yil davomida muntazam konsert dasturlari namoyish etib boriladi, shoir va yozuvchilar ishtirokida ochiq darslar, ijodiy uchrashuvlar va kitobxonlik kechalari o‘tkaziladi.
  • O‘quvchilar o‘rtasida turli tanlov, festival va sport musobaqalari uyushtiriladi. Taniqli sportchilar va musobaqalar g‘oliblari bilan uchrashuvlar, master-klass namoyishlari o‘tkaziladi.
  • Toshkentdagi barcha maktablar yuqori tezlikdagi internet aloqasi bilan imtiyozli asosda ta’minlanadi va har bir maktabda kompyuter klublari tashkil etiladi.